VisaIpak Yuli BankShe's Next

Ishtirok shartlari va loyiha qoidalari

Yangilangan sana: 2026 yil 2 aprel


1. ASOSIY QOIDALAR

1.1. “PBN Sentral Aziya” MChJ (Yuridik manzili: Olmaota shahri, Olmaota tumani, Amangeldi ko‘chasi, 49a-uy) She’s Next, Empowered by Visa tanlovining (keyingi o‘rinlarda – Tanlov) Tashkilotchisi (keyingi o‘rinlarda – Tashkilotchi) hisoblanadi. Tashkilotchi Tanlovning kommunikatsiya va operatsion qismlari ijrosi uchun javobgar bo‘lib, Tanlov ishtirokchilari tomonidan ushbu Qoidalarga rioya etilishini nazorat qiladi. Mazkur Tanlov doirasida Tashkilotchi Tanlov G‘oliblariga ushbu Qoidalarning 2.1-bandida ko‘rsatilgan mukofotlarni (keyingi o‘rinlarda – “Mukofot”) topshiradi.

1.2. Mazkur Qoidalar ommaviy oferta hisoblanadi. Ushbu Tanlovda ishtirok etish “PBN Sentral Aziya” MChJ ofertasining aksepti sifatida qabul qilinadi.

1.3. Tanlov o‘tkazish hududi – She’s Next veb-sayti: http://shesnext.uz/

1.4. Tanlov o‘tkazish davri: 2026-yil 2-apreldan 2026-yil 7-avgustgacha.

1.5. Tanlovda ishtirok etish uchun amallarni bajarish davri: 2026-yil 2-apreldan 2026-yil 28-iyungacha.

1.6. Tanlov g‘oliblarini aniqlash va G‘oliblarga Mukofotlarni topshirish sanasi: 2026-yil 7-avgust.

1.7. Agar alohida kelishilmagan bo‘lsa, ushbu Qoidalarda nazarda tutilgan barcha harakatlar belgilangan davrga kiruvchi tegishli taqvim kunlarida Qozog‘iston vaqti bilan 00 soat 00 daqiqa 00 soniyadan 23 soat 59 daqiqa 59 soniyagacha (shu vaqtning o‘zi ham kiradi) Tashkilotchi tomonidan bajarilishi va qayd etilishi lozim. Ushbu Qoidalarda ko‘rsatilgan har qanday vaqt Olmaota shahri vaqti (Qozog‘iston, GMT +5) deb tushunilishi kerak.

1.8. Tanlov mazkur Qoidalarda belgilangan tartib va shartlar asosida o‘tkaziladi.

1.9. Tanlov rag‘batlantiruvchi reklama tadbiri bo‘lib, Tanlov tashabbuskorlari sanalgan Visa International Service Association (keyingi o‘rinlarda – Visa) va “Ipak Yo‘li” AITB (keyingi o‘rinlarda – Ipak Yuli Bank) brendlarining tanilishini oshirishga, shuningdek, Visa va Ipak Yuli Bank kompaniyalarining kampaniyalari, bank va boshqa mahsulotlarini targ‘ib qilishga qaratilgan.


2. TANLOVNING MUKOFOT JAMG‘ARMASI

2.1. Tanlovning mukofot jamg‘armasi quyidagilardan iborat:

2.1.1. “Faoliyat yuritayotgan biznes” yo‘nalishi

▪ Birinchi o‘rin – joriy biznesni rivojlantirish yoki yangisini ochish uchun, mazkur Qoidalarning 2.5-bandiga muvofiq soliq ushlab qolinib, to‘languniga qadar 7 200 (yetti ming ikki yuz) AQSh dollari miqdoridagi pul mablag‘i. “Faoliyat yuritayotgan biznes” yo‘nalishida birinchi o‘rin uchun G‘olibning hisobvarag‘iga o‘tkaziladigan mukofot miqdori, mazkur Qoidalarning 2.5-bandiga muvofiq soliq ushlab qolinib, to‘langanidan so‘ng 6 000 (olti ming) AQSh dollarini tashkil etadi.

▪ Ikkinchi o‘rin – joriy biznesni rivojlantirish yoki yangisini ochish uchun, mazkur Qoidalarning 2.5-bandiga muvofiq soliq ushlab qolinib, to‘languniga qadar 4 800 (to‘rt ming sakkiz yuz) AQSh dollari miqdoridagi pul mablag‘i. “Faoliyat yuritayotgan biznes” yo‘nalishida ikkinchi o‘rin uchun G‘olibning hisobvarag‘iga o‘tkaziladigan mukofot miqdori, mazkur Qoidalarning 2.5-bandiga muvofiq soliq ushlab qolinib, to‘langanidan so‘ng 4 000 (to‘rt ming) AQSh dollarini tashkil etadi.

▪ Uchinchi o‘rin – mazkur Qoidalarning 2.5-bandiga muvofiq soliq ushlab qolinib, to‘lanishiga qadar joriy biznesni rivojlantirish yoki yangi biznes ochish uchun 2 400 (ikki ming to‘rt yuz) AQSH dollari miqdoridagi pul mukofoti. “Faoliyat yuritayotgan biznes” yo‘nalishi bo‘yicha uchinchi o‘rin uchun beriladigan, mazkur Qoidalarning 2.5-bandiga muvofiq soliq ushlab qolinib, to‘langanidan so‘ng G‘olibning hisobvarag‘iga o‘tkaziladigan mukofot summasi 2 000 (ikki ming) AQSH dollarini tashkil etadi.

2.1.2. “Ish boshlayotgan biznes” yo‘nalishi

▪ Birinchi o‘rin – mazkur Qoidalarning 2.5-bandiga muvofiq soliq ushlab qolinib, to‘lanishiga qadar joriy biznesni rivojlantirish yoki yangi biznes ochish uchun 4 800 (to‘rt ming sakkiz yuz) AQSH dollari miqdoridagi pul mukofoti. “Ish boshlayotgan biznes” yo‘nalishi bo‘yicha birinchi o‘rin uchun beriladigan, mazkur Qoidalarning 2.5-bandiga muvofiq soliq ushlab qolinib, to‘langanidan so‘ng G‘olibning hisobvarag‘iga o‘tkaziladigan mukofot summasi 4 000 (to‘rt ming) AQSH dollarini tashkil etadi.

▪ Ikkinchi o‘rin – mazkur Qoidalarning 2.5-bandiga muvofiq soliq ushlab qolinib, to‘lanishiga qadar joriy biznesni rivojlantirish yoki yangi biznes ochish uchun 2 400 (ikki ming to‘rt yuz) AQSH dollari miqdoridagi pul mukofoti. “Ish boshlayotgan biznes” yo‘nalishi bo‘yicha ikkinchi o‘rin uchun beriladigan, mazkur Qoidalarning 2.5-bandiga muvofiq soliq ushlab qolinib, to‘langanidan so‘ng G‘olibning hisobvarag‘iga o‘tkaziladigan mukofot summasi 2 000 (ikki ming) AQSH dollarini tashkil etadi.

▪ Uchinchi o‘rin – mazkur Qoidalarning 2.5-bandiga muvofiq soliq ushlab qolinib, to‘lanishiga qadar joriy biznesni rivojlantirish yoki yangi biznes ochish uchun 1 200 (bir ming ikki yuz) AQSH dollari miqdoridagi pul mukofoti. “Ish boshlayotgan biznes” yo‘nalishi bo‘yicha uchinchi o‘rin uchun beriladigan, mazkur Qoidalarning 2.5-bandiga muvofiq soliq ushlab qolinib, to‘langanidan so‘ng G‘olibning hisobvarag‘iga o‘tkaziladigan mukofot summasi 1 000 (bir ming) AQSH dollarini tashkil etadi.

2.1.3. “IT-biznes” yo‘nalishi

 G‘olib – ushbu Qoidalarning 2.5-bandiga muvofiq soliq ushlab qolinib, to‘lanishiga qadar joriy biznesni rivojlantirish yoki yangi biznes ochish uchun 3 600 (uch ming olti yuz) AQSH dollari miqdoridagi pul mukofoti. “IT-biznes” nominatsiyasidagi g‘oliblik uchun G‘olibning hisobvarag‘iga o‘tkaziladigan mukofot miqdori, ushbu Qoidalarning 2.5-bandiga asosan soliq ushlab qolinib, to‘langanidan so‘ng 3 000 (uch ming) AQSH dollarini tashkil etadi.

2.1.4. Barcha pul mablag‘lari faqat Ipak Yuli Bankdagi hisobvaraqlarga o‘tkaziladi. Barcha finalchilar g‘olib bo‘lgan taqdirda mukofot mablag‘larini olish uchun tegishli hisobvaraq rekvizitlarini taqdim etishlari kerak, shu sababli finalda ishtirok etish vaqtida Ipak Yuli Bankda ochilgan dollar hisobvarag‘iga ega bo‘lishlari shart.

2.1.5. Pul mukofotlarini olish uchun Tanlov g‘oliblari Tanlov Tashkilotchisi tomonidan tuzilgan hujjatni – Yutuq ko‘rinishidagi daromadni qabul qilish dalolatnomasini (hujjat namunasi ushbu Tanlov Qoidalariga 1-ilovada keltirilgan) imzolashlari shart. Yutuq ko‘rinishidagi daromadni qabul qilish dalolatnomasi imzolangandan so‘ng Tanlov Tashkilotchisi va pul mukofoti oluvchi o‘rtasidagi barcha munosabatlar yakunlangan hisoblanadi.

2.2. Tanlovning mukofot jamg‘armasi alohida shakllantiriladi va faqatgina Tanlov G‘oliblari deb topilgan Ishtirokchilarga Mukofotlarni taqdim etish uchun ishlatiladi.

2.3. Mukofotlarni boshqa mukofotlarga almashtirish, ularni boshqa shaklda yoki uchinchi shaxslarga berish amalga oshirilmaydi.

2.4. Tanlov G‘oliblarining umumiy soni Tanlovning mukofot jamg‘armasi bilan cheklanadi.

2.5. Mukofotlarni topshirishda Tanlov Tashkilotchisi soliq agenti majburiyatlarini bajaradi hamda Mukofot qiymatidan kelib chiqib, Qozog‘iston Respublikasi Soliq kodeksiga muvofiq yuridik va jismoniy shaxslarning daromadlariga solinadigan soliqni hisoblaydi (Qozog‘iston Respublikasi Soliq kodeksining 320-moddasi 1-bandi, 321-moddasi, 327-moddasi). O‘zbekiston Respublikasi rezidenti bo‘lgan G‘olib olingan mukofot summasini O‘zbekiston Respublikasi soliq organlariga daromad sifatida mustaqil ravishda deklaratsiya qiladi va JSHDS bo‘yicha farqni (agar mavjud bo‘lsa) to‘laydi.

2.6. Har bir Ishtirokchi Tanlov shartlarini bajargan va G‘olib deb topilgan taqdirda faqat bitta Mukofot olish huquqiga ega bo‘ladi.

2.7. Tanlov g‘oliblari taqdim etilgan pul grantidan faqat Tanlov doirasida belgilangan maqsadlarda foydalanish majburiyatini oladi. Mukofotlardan joriy biznesni rivojlantirish yoki yangisini ochish bilan bog‘liq bo‘lmagan shaxsiy va boshqa ehtiyojlar uchun foydalanish mumkin emas.

2.8. G‘oliblar grantni olgan kundan boshlab 3 oy o‘tgach, xarajatlar to‘g‘risidagi batafsil oraliq hisobotni va grantni olgan kundan boshlab 6 oy o‘tgach, xarajatlar bo‘yicha batafsil yakuniy hisobotni taqdim etishlari shart. Hisobot quyidagilarni o‘z ichiga olishi kerak:

▪ Tasdiqlovchi hujjatlar (cheklar, hisobvaraqlar, shartnomalar) ilova qilingan xarajatlar smetasi.

▪ Bajarilgan ishlar yoki erishilgan natijalarning tavsifi.

▪ Agar G‘olibning loyihasida uni amalga oshirish uchun qisqaroq muddatlar nazarda tutilgan bo‘lsa, xarajatlar to‘g‘risidagi hisobotlar soni ikkitadan kam bo‘lishi mumkin.

2.9. Tanlov Tashkilotchisi va hamkorlari istalgan vaqtda grantdan maqsadli foydalanilganini tekshirish, hisobot yuzasidan qo‘shimcha hujjatlar yoki tushuntirishlar so‘rab olish huquqini o‘zida saqlab qoladi. Grant mablag‘laridan maqsadsiz foydalanish holati aniqlansa, grant oluvchi grant summasini to‘liq yoki qisman (qoidabuzarlik hajmiga qarab) qaytarishi shart.

2.10. G‘olib tomonidan xarajatlar to‘g‘risidagi so‘nggi hisobot imzolanib, topshirilgach, pul mukofotidan maqsadli foydalanish haqidagi Tanlov shartlariga rioya qilingan taqdirda, Tanlov Tashkilotchisi va pul mukofoti sohibi o‘rtasidagi barcha munosabatlar yakunlangan hisoblanadi.


3. ISHTIROK ETISH TARTIBI

3.1. Tanlovda 18 yoshga to‘lgan, muomalaga layoqatli va O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga ega bo‘lgan xotin-qizlar ishtirok etishi mumkin.

3.2. Tanlov Tashkilotchisining xodimlari va vakillari, ular bilan affillangan shaxslar, shuningdek, bunday xodimlar va vakillarning oila a’zolari Tanlovda ishtirok etishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

3.2.1. Quyidagi tovarlar va/yoki xizmatlarni ishlab chiqaruvchi/taqdim etuvchi kompaniyalarning Tanlovda ishtirok etishiga yo‘l qo‘yilmaydi:

▪ Inson salomatligiga, hayvonot olamiga va sayyora ekologiyasiga zarar yetkazadigan tovarlar va xizmatlar (etil spirti va alkogol mahsulotlari, tamaki va tamaki mahsulotlari, tabiiy mo‘yna va boshqalar).

▪ Xavfli tovarlar va xizmatlar (kimyoviy yoki o‘simlikdan olinadigan rekreatsion narkotiklar; psixotrop moddalar; giyohvand moddalarni iste’mol qilish uchun moslamalar; qurol-yarog‘, o‘q-dorilar, portlovchi moddalar va pirotexnika vositalari; portlovchi moddalar yoki boshqa xavfli moslama va materiallarni tayyorlash bo‘yicha yo‘riqnomalar).

▪ Insofsiz faoliyat (kompyuter tizimlarini buzib kirishga mo‘ljallangan soxta mahsulotlar, dasturlar va yo‘riqnomalar; saytlar trafikini yoki reklamalarga bosishlar sonini sun’iy ravishda oshirish bo‘yicha xizmatlar; soxta hujjatlar; ta’lim muassasalarida o‘qituvchi va imtihon oluvchilarni aldash bilan bog‘liq xizmatlar).

▪ Yuqori tavakkalchilikka asoslangan moliyaviy xizmatlar (moliyaviy piramida, investitsiyalar, brokerlik xizmatlari, elektron va internet-kazino).

▪ Ona sutining sun’iy o‘rnini bosuvchi mahsulotlar.

▪ Tasdiqlangan loyiha hujjatlaridagi turar joy binolari tasnifiga mos kelmaydigan, qurilayotgan yoki foydalanishga topshirilgan turar joy binolari.

▪ Ro‘yxatdan o‘tkazilmagan diniy birlashmalar va diniy ta’lim tashkilotlari.

▪ Dori vositalari, biologik faol qo‘shimchalar, tibbiy texnika.

▪ An’anaviy tibbiyot, xalq tabobati (shifokorlik).

3.3. Mazkur Tanlov ishtirokchilariga qo‘yiladigan talablarga javob bermaydigan shaxslar Tanlovda qatnashish va mukofotni olish huquqiga ega emas.

3.4. Tanlovda ishtirok etish uchun quyidagi harakatlarni bajarish zarur:

3.4.1. 2026-yil 2-apreldan 2026-yil 24-maygacha bo‘lgan davrda http://shesnext.uz/ veb-saytida (keyingi o‘rinlarda – Sayt) ro‘yxatdan o‘tish;

3.4.2. 2026-yil 25-maydan 2026-yil 7-iyungacha bo‘lgan davrda tanlovning ta’lim qismida ishtirok etish – Dastur Saytida e’lon qilinadigan yakka tartibdagi tadbirkorlik masalalariga bag‘ishlangan materiallarni o‘rganish va shu asosda Saytda e’lon qilinadigan savollarga (Test) javob berish. Keyingi videoma’ruzani ko‘rish huquqini olish uchun o‘tish balli Testdagi umumiy savollar sonining 70% to‘g‘ri javobini tashkil etadi. Ishtirokchiga Testni qayta topshirish imkoniyati berilmaydi.

3.4.3. 2026-yil 8-iyundan 2026-yil 28-iyungacha bo‘lgan davrda har bir testdan 70% dan yuqori ball to‘plagan Tanlov ishtirokchilariga biznes-reja andazasini yozma ravishda to‘ldirish taklif etiladi.

3.4.4. 2026-yil 29-iyundan 2026-yil 19-iyulgacha bo‘lgan davrda ishtirokchilarning biznes-rejalari moderatsiyadan o‘tkaziladi. Moderatsiya davomida Tashkilotchi vakillari va taklif etilgan mutaxassislardan iborat ekspert komissiyasi (keyingi o‘rinlarda – Ekspert komissiyasi) biznes-rejalarning Tanlov qoidalariga muvofiqligini baholaydi. Tashkilotchi biznes-rejani tekshirish uchun mutaxassislarni jalb etishga haqli. Ekspert komissiyasi moderatsiyasi natijalariga ko‘ra biznes-rejalar 0 dan 100 gacha ball shkalasi bo‘yicha baholanadi.


4. TANLOV G‘OLIBLARINI ANIQLASH TARTIBI

4.1. Biznes-rejalari Ekspertlar komissiyasi tomonidan saralab olingan o‘ttiz nafar finalist, ya’ni “Faoliyat yuritayotgan biznes” yo‘nalishidan o‘n nafar, “Ish boshlayotgan biznes” yo‘nalishidan o‘n nafar va “IT-biznes” yo‘nalishidan o‘n nafar ishtirokchi Tanlovning 2026-yil 7-avgustidan kechiktirmay o‘tkaziladigan yakuniy tadbiriga (keyingi o‘rinlarda – Final) taklif etiladi. Tanlovning final tadbiri davomida finalistlar “Faoliyat yuritayotgan biznes”, “Ish boshlayotgan biznes” va “IT-biznes” yo‘nalishlari bo‘yicha o‘z loyihalarini hakamlar hay’ati a’zolariga shaxsan taqdim etishlari lozim. Hakamlar hay’ati yetti nafar G‘olibni, jumladan, “Faoliyat yuritayotgan biznes” va “Ish boshlayotgan biznes” yo‘nalishlaridan uchtadan hamda “IT-biznes” yo‘nalishidan bir nafar g‘olibni aniqlaydi.

4.2. Ishtirokchi mazkur bo‘lim shartlariga muvofiq Ekspert komissiyasiga ko‘rib chiqish uchun taqdim etilgan biznes-rejaning muallifi ekanligini, shuningdek, biznes-reja yoki uning alohida qismlari uchinchi shaxslarning huquqlarini (jumladan, mualliflik va turdosh huquqlarni, shuningdek, individuallashtirish vositalariga bo‘lgan huquqlarni) buzmasligini kafolatlaydi. Ishtirokchi tomonidan uchinchi shaxslarning mualliflik va turdosh huquqlari buzilganligi faktlari aniqlangan taqdirda, ishtirokchi O‘zbekiston Respublikasining intellektual mulkni himoya qilish sohasidagi amaldagi qonunchiligiga muvofiq bunday huquqbuzarlik bilan bog‘liq javobgarlikni to‘liq o‘z zimmasiga oladi.

4.3. Tanlovda ishtirok etar ekan, Ishtirokchi o‘zining tasviridan va Tanlov doirasida yaratgan intellektual faoliyati natijalaridan Tashkilotchi, Visa, Ipak Yuli Bank kompaniyalari va/yoki Tashkilotchi tomonidan vakolat berilgan uchinchi shaxslar tomonidan har qanday reklama/axborot materiallarini tayyorlash hamda ulardan keyinchalik, jumladan, Saytda, radio, televideniye va boshqa ommaviy axborot vositalarida, kompaniyalarning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida muddat va hudud cheklovisiz hamda hech qanday haq to‘lamasdan foydalanishiga o‘z roziligini beradi. Shuningdek, Ishtirokchi Tanlovni o‘tkazish doirasida tafsilotlarga aniqlik kiritish va shu kabi boshqa maqsadlarda Tanlov tashkilotchilarining u bilan bog‘lanishi uchun o‘zining aloqa ma’lumotlaridan foydalanishga ruxsat beradi.


5. MUKOFOTLARNI TOPSHIRISH SHARTLARI, TARTIBI VA MUDDATLARI

5.1. G‘oliblar Tanlovning yakuniy bosqichida Tashkilotchi va tashabbuskorlar – Visa hamda Ipak Yuli Bank kompaniyalari tomonidan uyushtiriladigan tadbir davomida o‘z yutuqlari haqida xabardor qilinadi. Tadbirning aniq sanasi, o‘tkazilish joyi Visa hamda Ipak Yuli Bank kompaniyalarining Saytida va ijtimoiy tarmoqlarida qo‘shimcha ravishda e’lon qilinadi. Shuningdek, natijalar Tanlov tashkilotchisi tomonidan finalchi bilan shaxsan bog‘lanish orqali hamda OAVdagi axborot materiallari vositasida ma’lum qilinadi. Tadbir O‘zbekiston Respublikasi, Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadi. Finalchilarning Tadbirga tashrifi bilan bog‘liq xarajatlari (faqat parvoz va turar joy) tashkiliy tomon tomonidan qoplanadi.

5.2. Mukofotni olish uchun G‘olib Tashkilotchi tomonidan xabarnoma yuborilgan kundan boshlab 10 kalendar kun ichida quyidagi hujjatlar va ma’lumotlarni xabarnomada ko‘rsatilgan usulda taqdim etishi kerak:

5.2.1. O‘zbekiston fuqarosining shaxsini tasdiqlovchi hamda F.I.O., tug‘ilgan sanasi va joyi, hujjat berilgan sana va uni bergan organ to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan hujjatning skaner-nusxalari/fotosuratlari;

5.2.2. Tanlov g‘olibining doimiy ro‘yxatdan o‘tgan/yashash joyi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan hujjatlarning skaner-nusxalari/fotosuratlari. Fotosuratlar/skaner-nusxalar tiniq, harf va raqamlari aniq o‘qiladigan bo‘lishi lozim. Pasport sahifalari nusxalarida quyidagi ma’lumotlar bo‘lishi kerak: pasport seriyasi va raqami, pasportni bergan organning nomi, bo‘linma kodi, pasport berilgan sana, familiyasi, ismi, otasining ismi, tug‘ilgan sanasi va joyi, yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tgan manzil to‘g‘risidagi ma’lumotlar. Fotosuratlar/skaner-nusxalarda tasvir sifatini yaxshilash maqsadida qo‘llanilgan holatlar bundan mustasno, texnik aralashuv (tasvirlarni tahrirlash dasturlarida qayta ishlash) belgilari bo‘lmasligi kerak.

5.2.3. Mukofot miqdorini o‘tkazib berish uchun Tanlov g‘olibining Ipak Yuli Bankdagi dollar hisobvarag‘i raqami.

5.3. Mukofot G‘olibga, undan Qoidalarning ushbu bo‘limida ko‘rsatilgan ma’lumotlar olingan taqdirdagina topshiriladi. Agar Tashkilotchi va/yoki G‘olib bilan boshqacha tartib kelishilmagan bo‘lsa, mukofotlar Tanlov Tashkilotchisi tomonidan uning o‘z mablag‘lari hisobidan, Tanlov saytida yetti nafar G‘olibning ro‘yxati rasman e’lon qilingan paytdan boshlab bir kalendar oydan kechiktirmay, Mukofotni tashkil etuvchi pul mablag‘larini G‘olibning Ipak Yuli Bankdagi hisobvarag‘iga o‘tkazish orqali beriladi.

5.4. Mukofotlar ushbu Qoidalarda belgilangan shakldan boshqacha tarzda berilmaydi. Barcha talab qilib olinmagan mukofotlarni, shuningdek, Ishtirokchilar olishdan bosh tortgan mukofotlarni Tanlov Tashkilotchisi o‘z xohishiga ko‘ra tasarruf etadi. Mukofotlar Ishtirokchilar tomonidan takroran talab qilinishi mumkin emas va hech qanday shakldagi kompensatsiya to‘lanmaydi.

5.5. Tashkilotchi g‘oliblik haqida xabardor qilish uchun Ishtirokchining shaxsiy ma’lumotlarida ko‘rsatilgan G‘olib bilan bog‘lanishning barcha mavjud vositalaridan foydalanadi. Agar Tashkilotchi tanlov o‘tkazilgan sanadan e’tiboran 3 (uch) ish kuni ichida G‘olib bilan bog‘lana olmasa yoki G‘olib Mukofotni olishdan bosh tortsa, shuningdek, G‘olib tomonidan Qoidalarning 5.2-bandida ko‘rsatilgan ma’lumotlar taqdim etilmasa yoxud noto‘g‘ri va/yoki xatoliklarga ega ma’lumotlar taqdim etilishi natijasida Tashkilotchi Mukofotni lozim darajada topshira olmasa, Mukofot Ishtirokchi tomonidan talab qilib olinmagan deb hisoblanadi.

5.6. Agar mukofotni olayotgan G‘olibning mukofotni o‘tkazish sanasida Ipak Yuli Bankda amaldagi dollar hisobvarag‘i bo‘lmasa, Tashkilotchi mukofotni G‘olibga o‘tkazmaslik va ushbu mukofotni talab qilib olinmagan deb tan olish huquqini o‘zida saqlab qoladi.

5.7. Tashkilotchi mukofotni olishga to‘sqinlik qiluvchi omillar yoki mukofotdan foydalanilmagani uchun javobgar emas.

5.8. Tanlov tashkilotchisi G‘olibga mukofotni topshirish uchun zarur bo‘lgan boshqa hujjatlar va/yoki ma’lumotlarni qo‘shimcha ravishda talab qilishga haqli.


6. TOMONLARNING HUQUQ VA MAJBURIYATLARI

6.1. Tanlov ishtirokchilari tanlovda qatnashish va mukofotlarni olish bilan bog‘liq barcha harakatlarni ushbu Qoidalarda belgilangan muddatlarda bajarishi shart.

6.2. Tanlov ishtirokchisi olingan pul mukofotini daromad sifatida O‘zbekiston Respublikasi soliq organlarida mustaqil ravishda deklaratsiya qilishi va O‘zbekiston Respublikasi soliq qonunchiligiga muvofiq JShDS bo‘yicha farqni (mavjud bo‘lsa) to‘lashi shart.

6.3. Tanlovni o‘tkazish to‘xtatilgan taqdirda, Tashkilotchi Saytda tegishli xabarnomani e’lon qilish orqali bu haqda ommaga ma’lum qilishi shart.

6.4. Tashkilotchi tanlov g‘oliblarini tanlovning to‘xtatilishi haqida ommaviy xabardor qilingan sanaga qadar aniqlashi shart.

6.5. Tanlov ishtirokchisi Tanlov tashkilotchisidan ushbu Qoidalarga muvofiq tanlov haqida ma’lumot olishni talab qilish huquqiga ega.

6.6. Tashkilotchi / Ekspert komissiyasi Qozog‘iston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilgan holatlar, shuningdek, Tashkilotchi / Ekspert komissiyasi tomonidan mazkur Tanlov doirasidagi o‘z majburiyatlarini bajarish maqsadlari bundan mustasno, Tanlov ishtirokchisi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni uchinchi shaxslarga taqdim etishga haqli emas.

6.7. Tanlovda ishtirok etish bilan Ishtirokchi mazkur Qoidalar bilan tanishganini va ularga roziligini tasdiqlaydi, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq, Tashkilotchi tomonidan Tanlovda ishtirok etish uchun o‘zining shaxsiy ma’lumotlarini (xususan: F.I.O., telefon raqami, e-mail, ish joyi (agar mavjud bo‘lsa), finalistlar uchun: pasport ma’lumotlari, yashash manzili va h.k.) transchegaraviy uzatishga va qayta ishlashga, jumladan, ularni yig‘ish, saqlash va ulardan foydalanishga rozilik beradi. Tashkilotchi O‘zbekiston Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq shaxsiy ma’lumotlarni ruxsatsiz oshkor etilishidan himoya qilish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rish majburiyatini o‘z zimmasiga oladi. Ishtirokchi o‘zi to‘g‘risidagi ma’lumotlar va/yoki uning ma’lumotlaridan kim va qanday maqsadlarda foydalanayotgani yoki foydalangani haqidagi axborotni olish huquqiga ega. Ishtirokchi taqdim etilgan shaxsiy ma’lumotlarni qayta ishlash huquqini beradi. Ishtirokchilar O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq shaxsga doir ma’lumotlarni taqdim etishga bergan roziliklarini istalgan vaqtda chaqirib olishlari mumkinligi haqida xabardor qilingan.

6.8. Ishtirokchi o‘z shaxsiy ma’lumotlaridan foydalanish huquqiga ega. Bu huquqni amalga oshirish uchun u Sayt orqali xabar jo‘natib, Tanlov Tashkilotchisiga yozma so‘rov bilan murojaat qilishi mumkin.

6.9. Tanlovda ishtirok etish orqali Ishtirokchilar Tanlovni o‘tkazish maqsadida o‘zlari ixtiyoriy ravishda taqdim etgan ma’lumotlar (jumladan, ularning shaxsiy ma’lumotlari) Tashkilotchi hamda u vakolat bergan shaxslar tomonidan ma’lumotlarni qayta ishlashning avtomatlashtirilgan vositalari yordamida qayta ishlanishiga o‘z roziligini beradi.

6.10. Tanlov ishtirokchisi o‘z roziligini qaytarib olishga haqli. Buning uchun u Tanlovda ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tishda shaxsiy ma’lumotlar sifatida ko‘rsatgan familiyasi, ismi, otasining ismi va tug‘ilgan sanasini ko‘rsatgan holda, Sayt orqali xabar yuborib, tegishli imzolangan yozma xabarnomani jo‘natishi kerak.

6.11. Rozilikni qaytarib olish to‘g‘risidagi xabarnoma olingan taqdirda, Tashkilotchi va u vakolat bergan shaxslar mazkur ishtirokchining shaxsiy ma’lumotlarini qayta ishlashni to‘xtatadi va xabarnoma kelib tushgan kundan e’tiboran 30 (o‘ttiz) kundan kechiktirmay ularni yo‘q qiladi.

6.12. Agar Tanlovni o‘tkazish bilan bog‘liq harakatlarning bajarilmasligi ishtirokchining o‘z shaxsiy ma’lumotlarini qayta ishlashga bergan roziligini qaytarib olishi natijasida ushbu ma’lumotlarning yo‘q qilinishi tufayli yuzaga kelgan bo‘lsa, Tashkilotchi bunday bajarmaslik uchun javobgar bo‘lmaydi.

6.13. Tashkilotchi mazkur Qoidalarda nazarda tutilgan hollardan tashqari Tanlov ishtirokchilari bilan yozma muzokaralarga yoki boshqa aloqalarga kirishmaslik huquqini o‘zida saqlab qoladi.

6.14. Tashkilotchi aloqa provayderlari tashkilotlarining aybi bilan, texnik muammolar va/yoki Tanlovni o‘tkazishda foydalaniladigan Internet tarmog‘idagi va/yoki aloqa kanallaridagi firibgarlik natijasida, shuningdek, Tashkilotchiga bog‘liq bo‘lmagan boshqa sabablarga ko‘ra Internet orqali yoki faks aloqasi vositasida ma’lumotlarni uzatishdagi xatolar/uzilishlar uchun javobgar emas.

6.15. Tashkilotchi Qoidalarga o‘zgartirishlar kiritish huquqiga ega, bunda Qoidalardagi o‘zgartirishlar to‘g‘risidagi ma’lumot (Qoidalarning yangi tahriri bilan birga) o‘zgartirishlar kuchga kirishidan kamida 2 (ikki) kun oldin Saytda e’lon qilinishi shart.

6.16. Tashkilotchi / Ekspert komissiyasi quyidagi hollarda ishtirokchilar, jumladan Tanlov mukofotlari egalari deb tan olingan shaxslar oldida javobgar bo‘lmaydi:

▪ Tanlovni o‘tkazish va mukofotlarni topshirish uchun zarur bo‘lgan aloqa ma’lumotlari va/yoki boshqa ma’lumotlarning ishtirokchilardan to‘liqsiz va/yoki noto‘g‘ri olinganligi;

▪ mukofotlarni topshirish uchun zarur bo‘lgan hujjatlar va/yoki ma’lumotlarning ishtirokchilardan olinmaganligi (o‘z vaqtida olinmaganligi);

▪ ishtirokchining Tashkilotchiga bog‘liq bo‘lmagan sabablarga ko‘ra mukofot egasi deb tan olingani haqida o‘z vaqtida xabardor etilmaganligi;

▪ ishtirokchilarning Qoidalar bilan, shuningdek, Tanlov natijalari bilan tanishtirilmaganligi;

▪ pochta xizmati, aloqa tashkilotlarining aybi bilan, Tanlovni o‘tkazishda foydalaniladigan Internet tarmog‘idagi va/yoki aloqa kanallaridagi texnik muammolar va/yoki firibgarlik natijasida ishtirokchilardan xatlar, qo‘ng‘iroqlar, elektron xabarlar olinmaganligi;

▪ Tashkilotchi / Ekspert komissiyasining oqilona nazoratidan tashqarida bo‘lgan va ularning o‘z majburiyatlarini bajarishiga bevosita ta’sir ko‘rsatadigan yengib bo‘lmas kuch (fors-major) holatlari, jumladan, suv toshqinlari, tabiiy yong‘inlar, ish tashlashlar, zilzilalar yoki boshqa tabiiy ofatlar; ommaviy epidemiyalar; davlat organlarining taqiqlovchi hujjatlari va/yoki boshqa farmoyishlari hamda Tashkilotchi / Ekspert komissiyasiga bog‘liq bo‘lmagan boshqa obyektiv sabablar yuzaga kelganda;

▪ ishtirokchilar tomonidan ushbu Qoidalarda nazarda tutilgan majburiyatlarning bajarilmaganligi (o‘z vaqtida bajarilmaganligi) uchun;

▪ tanlov ishtirokchilarining harakatlari (harakatsizligi), shuningdek, xatolari uchun;

▪ ushbu Qoidalarda ko‘rsatilgan ijtimoiy tarmoqlar va ilovalarning ishlashi uchun;

▪ davlat organlarining harakatlari uchun.

6.17. Tashkilotchi / Ekspert komissiyasi Tanlov ishtirokchilari tomonidan ushbu Qoidalarda belgilangan harakatlarni bajarish muddatlari o‘tkazib yuborilganligi uchun javobgar bo‘lmaydi. Muddatlarning o‘tkazib yuborilishi bilan bog‘liq da’volar qabul qilinmaydi; mukofotni olish muddati tugagach, u berilmaydi.

6.18. Tashkilotchi faqat ushbu Qoidalarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘rsatilgan xarajatlarni o‘z zimmasiga oladi. Tanlovda ishtirok etish bilan bog‘liq boshqa barcha xarajatlarni ishtirokchilar mustaqil ravishda va o‘z hisobidan qoplaydi.


7. YAKUNIY QOIDALAR

7.1. Tanlov ishtirokchilari Tanlov shartlari to‘g‘risida http://shesnext.uz/ saytida tegishli ma’lumotlarni va Tanlovni o‘tkazish qoidalarini joylashtirish orqali xabardor qilinadi.

7.2. Tanlov shartlari, mukofotlarni olish tartibi va muddatlariga oid barcha masalalar yuzasidan Ishtirokchilar Sayt orqali xabar yuborib murojaat qilishlari mumkin.


She's Next hamjamiyatiga qo'shiling

Muhim e’lonlarni o‘tkazib yubormaslik va o‘z savollaringizni berish uchun She's Next loyihasining rasmiy Telegram-kanaliga obuna bo‘ling.

Obuna bo'lish